Yosh kurashchilarimiz Xitoyda tajribalarini oshirishmoqda
Shu kunlarda Xitoyning Guanchjou shahrida Osiyo mamlakatlari vakillari uchun sport kurashlari boʻyicha xalqaro oʻquv-seminari boʻlib oʻtmoqda. Osiyo Olimpiya kengashi hamda Birlashgan kurash dunyosi (United World Wrestling) hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur tadbir qitʼada sport kurashlarini yanada rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish va istiqbolli yosh sportchilarning tajribasini boyitishga qaratilgan.
Tadbirda Oʻzbekiston nomidan murabbiy Xosiyat Masharipova, shuningdek, yosh sportchilar Ahrorjon Mamatqulov va Mashhura Normurodova ishtirok etishmoqda. Seminar dasturi doirasida ishtirokchilar uchun nazariy va amaliy mashgʻulotlar, zamonaviy tayyorgarlik uslublari, texnik-taktik koʻnikmalarni takomillashtirish hamda xalqaro tajriba almashishga qaratilgan darslar tashkil etilgan.
Mashgʻulotlar davomida murabbiylar oʻz kasbiy mahoratini yanada yuksaltirish imkoniyatiga ega boʻlayotgan boʻlsa, yosh sportchilar yuqori malakali mutaxassislar boshchiligida mahoratini oshirib, xalqaro maydonda muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni mustahkamlamoqda.

